TOShKENT, 3 dek- Sputnik. Yangi tashkil etilgan Innovatsion rivojanish vazirligi Toshkentdagi Talabalar shaharchasida quriladigan Innovatsiyalarni tatbiq etish ilmiy-amaliy markazida joylashadi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Yangi markazda — ilmiy-konsultativ, iqtisodiyot tarmoqlari innovatsion ehtiyojlarini o‘rganish, yoshlar innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, masofaviy ta’lim kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
Undan tashqari iqtidorli yoshlar bu yerda yangi ishlanma va texnologiyalar bilan tanishish barobarida start-ap loyihalarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya bo‘lmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish bo‘lmaydi. Bu sohadagi o‘zgarishlarni xalqimizga keng targ‘ib qilmasak, odamlarda ko‘nikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo‘lolmaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev yangi markaz loyihasi bilan tanishish jarayonida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi prezident farmoni bilan 2017-yil 29-noyabrda tashkil etilgan edi.