TOSHKENT, 2 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Oʻzbekistonning eng qadimiy hududlaridan biri boʻlgan Sariosiyo tumanida tashqi dunyodan uzilib qolgan toʻrt qishloq prezident Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga asosan muqobil elektr energiya manbai bilan taʼminlandi. Bu haqda Toshkentda boʻlib oʻtgan GREEN ENERGY forumi doirasida "Oʻzelektroapparat" AJ muqobil elektr energiya sektori rahbari Aleksandr Kovalyov maʼlum qildi.
Forumda Sariosiyoning Vachax, Kundayjuvoz, Xushxabar va Tangizaroba qishloqlari tiklanadigan energiya manbalari (TEM) bilan qay tarzda qamrab olingani haqida hikoya qiluvchi videorolik namoyish etildi.
Videoda aytilishicha, Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Gʻulomjon Ibragimov Oʻzbekiston Mudofaa vaziri Kabul Berdiyevga qishloqlarga maxsus texnikalarni yetkazib berish uchun harbiy vertolyot ajratish topshirigʻini bergan.
"Bu yerda masala har bir uyda lampochka yonishida ham emas, inkor etmayman, yorugʻlik yetib borishi bu yaxshi, albatta, lekin mahalliy hokimiyat oldiga aholining tashqi dunyo bilan aloqasini yoʻlga qoʻyish topshirigʻi qoʻyilgan edi. Chunki bu toʻrt qishloq eng chekka togʻli hududda joylashgan, u yerlarga qishda yetib borishning aslo iloji yoʻq. Odamlar oʻzlari yashaydigan manzildan faqatgina bahorda tushadilar va kuzda yana qaytib ketadilar, qishda ularni koʻrmaysiz. Yaʼni qishki mavsumda ularning tashqi dunyo bilan aloqalari uziladi", — hikoya qildi Kovalev.
"Oʻzelektroapparat" vakilining soʻzlariga koʻra, shu sababli qishloqdagi har bir uyga kichik foto elektrostantsiyalar oʻrnatilgan.
Qishloqlarda shuningdek, antennalar ham oʻrnatilgan — aholi televizor koʻrish imkoniga ega boʻldi.
"Ochiq aytish kerak, qishloq aholisi bilan suhbatlashganimizda, mamlakatda roʻy berayotgan yangiliklardan bexabar odamlar borligi maʼlum boʻldi. Ular oʻz doirasida, ajralib qolgan dunyosida yashar edilar. Yana bir narsa, bunday odamlar bilan, afsuski manipulyatsiya qilish oson. Muqobil energiya bilan taʼminlash oʻsha manzil aholisini notoʻgʻri manipulyatsiya qilish imkonini yoʻqqa chiqaradi", — dedi Kovalev.