TOShKENT, 30 noya — Sputnik. O‘zbekistonni bir yildan buyon boshqarib kelayotgan prezident Shavkat Mirziyoyevga respublika aholisining 93,1 foizi ishonch bildiradi, deb ma’lum qildi "Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi.
"So‘rov natijalariga ko‘ra, mamlakat prezidentining ishonch reytingi 93,1 foizga o‘sgan", — deyiladi press-relizda.
So‘rov ma’lumotlariga ko‘ra, qatnashchilarning 90,2%i mamlakat prezidenti olib borayotgan siyosat aholining orzu-umidlarini to‘liq oqladi, deb hisoblaydi.
So‘rovda ishtirok etganlarning 93,1%i O‘zbekiston 2017-yilda "barcha sohalarda" muvaffaqiyatga erishdi, degan fikrda. Bunda fuqarolarning 90,7%i xalqaro maydonda mamlakat manfaatlarining olg‘a surilishini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlaydi.
"So‘rov qatnashchilarining fikricha, ayniqsa davlat rahbarining qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni faollashtirishi, ahil qo‘shnichilik, do‘stona, sheriklik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlari alohida tahsinga loyiq", — deyiladi "Ijtimoiy fikr" xulosasida.
So‘rov O‘zbekistonning 12 viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida o‘tkazildi. Unda 1,1 ming kishi ishtirok etdi, ulardan 49,1%i erkaklar, 50,9%i ayollar, shaharda yashovchilar 51%, qishloqda yashovchilar 49%. So‘rovda 18 yoshdan boshlab turli yosh guruhlari vakillari qatnashdi.
Shu yilning iyul oyida o‘tkazilgan ana shunday so‘rovda Mirziyoyevga ishtirokchilarning 92,4 foizi ishonch bildirgandi.
2016 yilning sentabrida O‘zbekistonni 1989-yildan buyon boshqarib kelgan prezident Islom Karimov vafot etdi. O‘tgan yilning 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozondi.