Sherzod Qudratxo‘jayev: bizning boshqa falsafaga o‘tadigan vaqtimiz keldi

© Mejdunarodniy press-klubSherzod Kudratxodjayev
Sherzod Kudratxodjayev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Qudratxo‘jayevning fikricha, "mehnat qilib topilgan pul sayohat, ichki va tashqi turizm, bilim olish, o‘ziga, nomoddiy intellektiga sarmoya qilishga sarflanadi"

TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Jurnalist, Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Xitoy va Koreyaga yaqinda qilgan safari taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Yaqin 30 — 35-yil ichida Xitoy va Koreya o‘ta qoloq davlatlar edi. Bugun esa Xitoy YaIM bo‘yicha Amerika bilan teng raqobatlashapti, Koreya iqtisodiyoti esa dunyoda 15talikka kirgan. Ilgari Toshkentda yurganimda Xitoyning 1,5 milliard aholisi uning muammosi deb xom o‘ylagan ekanman. Aslida esa bu uning boyligi, katta yutug‘i ekan. Chunki 1,5 milliard odam — bu shiddatli, sog‘lom raqobat degani.  Bu ilg‘or g‘oyalar, oldi tashabbuslar raqobati.

Obrabotka risovix poley vo Vyetname - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganadi

Xitoy judayam ulkan bozor. Tasavvur qiling, siz bitta mahsulot ishlab chiqardingiz, masalan, shokolad, yogurt yoki gazeta va uning narxi atigi 1 dollar bo‘lsin. Mahsulotingiz taxminan 100 million odamga manzur bo‘lsa, demak, siz — multimillionersiz…

Bir xitoylikdan so‘radim: "30 yilda bunday natijaga erishishning siri nimada?"

Hamsuhbatim kulgancha javob qildi: "Bizning boshqa ilojimiz yo‘q edi. Biz och edik!"

O‘ylanib qoldim, balki, to‘qlik farovonlikka xalaqit berar. Balki, katta yerlarga ega bo‘lish katta yutuqlar degani emasdir", deb yozadi Qudratxo‘jayev.

Qudratxo‘jayev Singapur, Koreya, Yaponiyaning hech qanday tabiiy boyliklari bo‘lmaganligini aytar ekan, "ular bizga o‘xshab falon narsamiz bor, deb o‘ziga mahliyo bo‘lib, bir sidra to‘yib o‘tirmaydi. Yoki davlat qilishi kerak, deb kimningdir qo‘liga ham qarab qolmagan", degan fikrni bildiradi.

Uning yozishicha, Xitoydagi ulkan vokzallarda tartib-intizom joyida, ularda "xaos" va tartibsizlik kuzatilmaydi. Hamma joy saranjom-sarishta. O‘nlab qahvaxonalar, do‘konlar faoliyat yuritadi. Qishloq xo‘jaligi o‘ta rivojlangan. Har bir qarich yer chopilgan, qaralgan, sug‘orilgan. Ko‘plab issiqxonalar mavjud. Ular o‘tin va ko‘mirda yoqiladi. Yo‘l chetidagi barcha uylar tomida oftob nuridan foydalanuvchi panellar o‘rnatilgan.

Shavkat Mirziyoyev i Mun Chje In - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston uchun kurashda nega Janubiy Koreya g‘olib chiqdi

"Xitoyda 1,5 milliard odam borligini sezmaysiz ham. Chunki hamma narsada tartib, intizom ustun", deya fikrini davom ettiradi u.

Sherzod Qudratxo‘jayevning yozishicha, koreyslar juda tirishqoq xalq. Barcha narsa hisob-kitob bilan qilinadi, hech narsa shunchaki qilinmaydi. Masalan, Koreyada televizion translyatsiya vaqtida har bir kameraning turish joyi, tasvirchining yurish marshruti oldindan belgilanadi. "Shuning uchun ham Koreya TVsini ko‘rsangiz yugur-yugur, chop-chop, keraksiz odamning tasvirga tushib qolishi kabi bizda ko‘p uchraydigan "xol qo‘yishlar" kuzatilmaydi", deb yozadi u.

Ofisda har bir odam o‘z funksional vazifalariga ega. Hech kim bir-birining ishini qilmaydi. Raqobat kuchli.

Uning yozishicha, davlat xizmatchilariga juda og‘ir. Chunki ular bu lavozimlariga tanish-bilishchilik, pul yordamida emas, balki uch bosqichli testlarni topshirib, eng munosiblari tanlab olinadi. Xizmat pillapoyasidan ko‘tarilish ham xuddi shunday. Ularning o‘rtacha maoshi 3 — 4 ming dollar atrofida. Lekin narxlar qimmat.

"Masalan, siz loysuvoq uyda tug‘ildingiz. Bolaligingiz, o‘spirinligingiz ham shu maskanda o‘tdi. Bu sizning aybingiz emas. Lekin aynan shu uy devorlarini pishiq g‘isht qilib ko‘tarish, imoratingizning asosini granit bilan bezatish, ota-onangizga qulay, zamonaviy tahoratxona qilish sizning qo‘lingizdadir. Chunki loysuvoq uyda o‘lsangiz bu aynan sizning aybingiz bo‘ladi", deya fikrini davom ettiradi u.

"Xitoyda yurgan vaqtimda, Toshkentda benzin narxi oshdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab pessimistik gaplarni o‘qidim. "Shu eski yo‘llardan yuraverardik, bizga yangi qurilishlar kerak emas. Benzin narxi oshmasa bo‘lgani" – deganlar ham bo‘ldi.

Svadebnie kolsa - Sputnik O‘zbekiston
Dabdabaning dabdalasi: dabdabaga qarshi qonun qabul qilinadigan vaqt keldi

Bozorlarimizda kartoshka narxi shuncha, guruch narxi bunchaga oshdi deyishdi. Dunyoqarashimizni ozgina o‘zgartiradigan vaqt keldi deb o‘ylayman. Nazarimda, biz arzon kartoshka, arzon go‘sht, arzon benzinni o‘ylab, o‘zimiz ham arzon odam bo‘lib qolayotgandekmiz. Bizni kichkina maosh ham qoniqtirapti. Go‘yoki, arzonchilik bo‘lsa bas. Vaholanki, valyuta liberelizatsiyasini xohladikmi, buning og‘riqli narxini ham to‘lashimiz kerak. Bu tanadagi isitmaga o‘xshaydi. Bir chiqib immunitetni sinab, qaytib ketadi. Faqat, bu bosqichdan, og‘riqli o‘tish davridan chiqib olishimiz kerak. O‘zi bu mushkul muolajani 25-yil cho‘zib keldik, MDHda oxiri biz qolgandik. Ammo endi eksport-import cheklovlari bo‘lmaydi.

Bizning boshqa falsafaga o‘tadigan vaqtimiz keldi: ko‘p pul topish, ko‘p sarflash, katta natijalarga erishish falsafasi", deydi u.

U Koreyada yashash darajasi, benzin, elektroenergiya, oziq-ovqat juda qimmat, restoran, kafelar narxlari juda balandligini, lekin shunga qaramasdan, koreyaliklar ko‘proq daromad topishga tinmay intilishlarini yozadi.

Qudratxo‘jayevning fikricha, "mehnat qilib topilgan pul sayohat, ichki va tashqi turizm, bilim olish, o‘ziga, nomoddiy intellektiga sarmoya qilishga sarflanadi. Biz esa shuuncha ter to‘kib keraksiz moddiy sarpo-bisot, to‘y-ma’raka va kibrimizni oziqlantirishga mablag‘ xarjlaymiz. Qadriyatlarni xam reviziya qilish vaqti keldi nihoyat…"

Yangiliklar lentasi
0