TOShKENT, 2 dek – Sputnik. Prezident g‘oyasi asosida Toshkentda ishbilarmonlik aviatsiyasini tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, bu Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi va yagona bo‘lgan tizimdir. Shavkat Mirziyoyev ana shu loyiha doirasida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Loyiha taqdimotida aytib o‘tilganidek, ishbilarmonlik aviatsiyasi yakka tartibdagi hamda korporativ parvozlar, shuningdek, ular bilan bog‘liq xizmatlarini ko‘rsatish, aviatsiya texnikasiga yordam berish, ularni ekspluatatsiya qilish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
"Har bir mamlakat iqtisodiyoti rivojida transport-kommunikatsiya tizimi muhim ahamiyat kasb etadi. Ishbilarmonlik aviatsiyasi bu yangi imkoniyatlar, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlardir", — dedi prezident.
Yangi loyiha xorijlik investorlar qatori o‘zbekistonlik ishbilarmon doira vakillariga ham mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish, o‘zaro biznes-sheriklar topishda katta o‘ringa ega bo‘ladi.
Taqdimot jarayonida O‘zbekiston rahbari xorijlik delegatsiyalarga yuksak darajada xizmat ko‘rsatuvchi yangi havo portiga mos ravishda bu yerda ko‘plab infratuzilma obyektlari, mehmonxona, biznes markazlarini bunyod etish borasida mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.