TOSHKENT, 2 dek — Sputnik. Oʻzbekistonda quyosh energiyasidan foydalanganlik uchun aholi hech qanday soliq yoki boshqa toʻlov toʻlamaydi. Sputnik muxbirining bu haqdagi savoliga energiyani tejash, muqobil energiya manbalarini ommalashtirish va energiya resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha Toshkentda boʻlib oʻtgan GREEN ENERGY FORUM anjumani doirasida "Quyosh issiqlik energiyasi" MCHJ qoʻshma korxonasi tijorat direktori Aleksey Ten javob berdi.
"Aholining bu boradagi maʼlumoti judayam kam, koʻpchilik biror yangilik olib kirsang, farovon yashashga harakat qilsang, davlat buning evaziga nimadir talab qiladi, degan fikrda yuradi. Oʻzbekiston prezidentining energetika sohasida chiqarilayotgan har bir qarorida aholining muqobil energiya haqida keng maʼlumotga ega boʻlishi lozimligi koʻrsatilmoqda.
Muqobil energiyadan foydalanuvchi isteʼmolchilar davlatga hech qanday haq toʻlamaydi. Hozirda muqobil energiya toʻgʻrisidagi qonun ishlab chiqilmoqda.
Yevropa davlatlarida muqobil energiyadan foydalanuvchilar oʻz ehtiyojidan ortiq energiyani davlatga sotadilar. Aholi elektr energiyasi ishlab chiqargani uchun davlatdan haq oladi ", dedi u.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston prezidentining shu yil 8 noyabrdagi "Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori bilan "Energiya tejash milliy kompaniyasi" tashkil etildi.
Hujjatga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari 2022 yil 1 yanvardan markazlashtirilgan issiq suv taʼminotidan uzib qoʻyiladi. Ular quyosh suv isitgich qurilmalari va mahalliylashtiriladigan mahsulotlar asosida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan energiya tejamkor lampalarni oʻrnatish bosqichlarini belgilash toʻgʻrisida topshiriq berildi.
Oʻzbekistonda quyosh bir yilda 300 kundan ortiq nur sochadi va olingan quyosh energiyasidan samarali foydalanish mumkin.