TOShKENT, 12 sen — Sputnik. O‘zbekistonda yashash joylarida muqobil elektr energiyasidan foydalanuvchilarni jismoniy shaxslarga solinadigan mol-mulk va yer solig‘idan ozod qilish rejalashtirilmoqda.
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Soliq kodeksining 275- va 290-moddalariga o‘zgartish kiritishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi tayyorlandi va normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Unga ko‘ra, fuqaro muqobil energiya manbasi o‘rnatilgan oydan boshlab uch yil muddatga soliqlardan ozod etiladi. Ushbu imtiyozga ega bo‘lish uchun energiya ta’minoti tashkilotlarining fuqaro muqobil elektr energiyasi manbaidan foydalanayotgani haqida bergan ma’lumotnomasi asos bo‘ladi.
Faqat hujjat loyihasiga ko‘ra, fuqaro mazkur imtiyozni qo‘lga kiritish uchun mavjud energiya tarmoqlaridan butkul uzilgan bo‘lishi kerak.
Respublikada quyosh bir yilda 300 kundan ortiq nur sochadi va olingan quyosh energiyasidan samarali foydalanish mumkin. Bunga mamlakat viloyatlari hududida salohiyatidan umuman foydalanilmaydigan shamolni ham qo‘shish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti 2017 — 2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Uning doirasida normativ-huquqiy hujjatlarni, manzilli dasturlarni ishlab chiqish va boshqa ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 28 ta chora-tadbir ko‘zda tutilgan.