TOShKENT, 1 dek — Sputnik. O‘zbekistondagi qishloq massivlarida yil oxiriga qadar 9179 uy qurilishi yakunlanadi, bugungi kunga qadar 10 ming 431 arzon uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida arxitektura va qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari yuzasidan Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi rahbarlarining hisoboti davomida ma’lum qilindi.
Qishloq massivlarida yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish uchun 2 trillion 35 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ushbu uy-joylar bo‘yicha muhtoj oilalarga 1 trillion 620 milliard so‘mdan ortiq ipoteka kreditlari 15-yil muddatga ajratilmoqda.
Dasturni amalga oshirish natijasida 2017-yil 19 mingdan ortiq qishloq oilasi shahardagidan qolishmaydigan shinam va zamonaviy uy-joyga ega bo‘ladi. 2018-yil ham qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida qariyb 20 ming arzon uy barpo etiladi.
Joriy yilda shaharlarda namunaviy loyihalar asosida 7 ming 919 xonadonli 191 ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Xususan, Toshkent shahrining Sergeli tumanida 102 ko‘p qavatli arzon va qulay uy-joy qurilmoqda. Bugungi kunda 70 uyning qurilish ishlari yakunlandi va foydalanishga topshirildi. Jumladan, Toshkent viloyatining Angren shahrida 9 qavatli 162 xonadonli 4 ta hamda poytaxtning Sergeli tumanida 2 576 kvartiraga mo‘ljallangan 66 ta ko‘p qavatli uy qurib bitkazildi va xonadon egalariga kalitlar topshirildi.
Dasturni amalga oshirish natijasida 2017-yil 8 mingdan ortiq shahar oilalari zamonaviy, shinam va qulay xonadonlarga ega bo‘ladi.
Kelgusi yillarda quriladigan uylar soni 1,5-2 barobar ko‘paytirilgan. Xususan, 2018-yil jami 15 ming 172 xonadonga ega bo‘lgan 365 ta ko‘p qavatli uy qurish ko‘zda tutilgan.