TOShKENT, 17 noya – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Sergeli tumanida qurilgan yangi uylarni borib ko‘rdi. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati xabar bermoqda.
Prezident yangi qurilgan xonadonlarda bo‘ldi. U yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, uy sohiblari bilan suhbatlashdi. Ularni yangi xonadon bilan tabriklab, sovg‘alar taqdim qildi.
"Bu uylarni birovlarga ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, aholi manfatlarini o‘ylab bunyod etmoqdamiz. Shunday ekan, binolarni zamon talablariga mos qilib qurish kerak. Bundan tashqari, uylarni saqlash, to‘g‘ri foydalanish ham burchimizdir. Bu borada shu yerda yashovchilarning mas’uliyatini oshirish, ularda uz uyi uchun javobgarlik hissini kuchaytirish lozim", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident shuningdek, bu yerga ko‘chib kelayotganlarni ish bilan ta’minlash masalasi ham dolzarbligini hamda kelajakda quriladigan korxona va ishlab chiqarish obyektlari bu uylarga yaqin joyda bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari vakillari bilan uchrashuvda poytaxtdagi uy-joy muammosiga alohida e’tibor qaratgan edi. Uchrashuvda mutlaqo yangi dastur qabul qilingani, unga binoan 5-yil davomida poytaxtning har bir tumanida 20 tadan, jami 200 dan ortiq 7 va 9 qavatli, ko‘p xonadonli uy-joylar qurilishi, bu mavzelar barcha ijtimoiy obyektlar bilan ta’minlanishi, muhandislik tarmoqlariga ulanishi, uylar atrofi obodonlashtirilishini ta’kidlagan edi.
Joriy yilning boshida Sergeli tumanida qurilishi boshlangan mazkur uy-joylar bugun to‘liq yakuniga yetkazildi.
13 gektar maydonda 66 ko‘p qavatli uy-joy qad rostlagan. 1, 2, 3 xonali bu uylar aholiga imtiyozli kreditlar asosida berildi. Uylar atrofida 240 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 630 o‘rinli o‘rta ta’lim maktabi, 61-sonli oilaviy poliklinika, yopiq turdagi suzish havzasi, shahar militsiya bo‘linmasi, pochta va kitob do‘koni, dam olish maskanlari, poliklinika, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari, velotrassalar barpo etilgan.
Bundan tashqari, mavzeda xizmat ko‘rsatish tarmoqlari tashkil etildi, yangi ish o‘rinlari yaratildi.