TOShKENT, 30 noya – Sputnik. 30 noyabr kuni Minskda Qirg‘iziston va Qozog‘iston rahbarlari davlat chegaralari borasida kelishib olishdi, deb xabar berdi Sputnik Qirg‘iziston.
Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov Belarus poytaxtida qozog‘istonlik hamkasbi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.
Ular ikki tomonlama munosabatlarning kelgusi rivoji, xususan, qirg‘iz-qozoq chegarasidagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarini muhokama qilishdi.
Nazarboyev chegaradagi vaziyat haqida gapirar ekan, hozirda ikki mamlakat hukumatlari ish olib borayotgan "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish zarurligini aytdi. Qozog‘iston rahbari "yo‘l xaritasi" qabul qilinguniga qadar davlat chegaralari vaqtincha ochilishini bildirdi.
U Qirg‘iziston-Qozog‘iston hamkorligi istiqbollarini muhokama qilish uchun Jeenbekovga Qozog‘istonga rasmiy tashrif bilan kelish taklifini berdi.
Jeenbekov barcha masalalar yuzasidan kelishib olinganini bildirdi.
"Nursulton Abishevich bilan mavjud barcha masalalar yuzasidan gaplashib oldik va ularni hal qilish bo‘yicha yagona qarorga keldik. Ikki mamlakat hukumatlari "yo‘l xaritasi" ustida ishlayapti, dekabr oyi davomida bu yo‘nalishdagi ishlar yakuniga yetadi. Chegarada hamkorlikda nazorat o‘rnatamiz. Ikki tomonlama hamkorlikning barcha masalalari o‘z yechimini topadi", — dedi Qirg‘iziston rahbari.
Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasidagi muammolar 10-oktabrdan boshlangandi. Chegaralardagi uchta nazorat o‘tkazuv punktlarida avtomobillar va odamlardan iborat ulkan tirbandliklar yuzaga keldi.
Ostona bu "kulrang" importga qarshi kurashish oqibati deb bayonot berdi.
Ilgariroq Qirg‘iziston hukumati Nursulton Nazarboyevning Qirg‘iziston prezidentligiga nomzodlardan biri bilan uchrashgani uchun e’tiroz bildirgandi.