TOShKENT, 30 noya – Sputnik. Qimmatbaho metallar ajratib olish bo‘yicha jahonning yirik kompaniyalaridan biri bo‘lgan Krassvetmet va "O‘zkimosanoat" AJ qo‘shma korxona tashkil etdi. Qo‘shma korxona kimyo sanoati sohasidagi kompaniyalarga xizmat ko‘rsatish, tarkibida qimmatbaho metallar bo‘lgan turli ikkilamchi materiallarni yig‘ishga yordam berish bilan shug‘ullanadi.
Korxona bosh direktori Mixail Dagilevning so‘zlariga ko‘ra, Krassvetmet O‘zbekistonda 2013-yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi.
"O‘tgan yillar davomida biz O‘zbekistonga ishonchli yetkazib beruvchi hamkor bo‘la oldik. Biz turli uskunalardan tarkibida qimmatbaho metallar bo‘lgan materiallarni ajratib olishda yordam ko‘rsatdik. Shuningdek, laboratoriyalar uchun turli materiallar tarkibidagi qimmatbaho metallarni aniqlaydigan namunalarni yetkazib berdik. Natijada O‘zbekiston hukumati respublika hududida qo‘shma korxona tashkil etishga qiziqish bildirdi va bu yil qo‘shma korxona tashkil etildi. Uning vazifasi kimyo sanoati sohasidagi kompaniyalarga xizmat ko‘rsatish, tarkibida qimmatbaho metallar bo‘lgan turli ikkilamchi materiallarni yig‘ishga yordam berish bo‘ladi", — dedi Dagilev.
Zavod bu yil O‘zbekistonga katalizator tizimlar yetkazib berish bo‘yicha navbatdagi tenderda g‘olib chiqdi. Krassvetmet respublikaga yana boshqa turdagi katalizatorlarni yetkazib berishni rejalashtirmoqda.