TOShKENT, 29 noya – Sputnik. Nyu-Yiork shahar sudida 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Sayfullo Soipov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmadi, deb xabar qilmoqda The New York Times nashri.
Manxetten federal sudi Sayfullo Soipovga JKning 8ta bo‘limi bo‘yicha ayb qo‘ygan. Ular orasida 8 kishining o‘limi, 12 kishini hayotiga tajovuz qilish, terrorchilikni moddiy qo‘llab-quvvatlash va transport vositasini yo‘q qilish kabi bo‘limlar bor.
Sudda berilgan ko‘rsatmalarga ko‘ra, terrochilik amalga oshirish vaqti Soipov “Ollohu Akbar” deb baqirgan va uning avtomobilida arab tilida yozilgan, IDga sodiqligi haqida xatlar topilgan. Undan tashqari Soipovning telefonida “Islomiy davlat” jangarilarining 1000 dan ortiq video va foto suratlari, porlovchi moslama yaratish bo‘yicha qo‘llanmalar topilgan.
Eslatib o‘tamiz, terrorchilik amalga oshirilgan kunining ertasiga Soipov “qilgan ishidan mamnun ekanligini” aytgan va kasalxona palatasiga ID bayrog‘ini osib qo‘yishni so‘ragan edi.
Maqolada aytilishiga ko‘ra, sud majlisiga 29 yoshli terrorchi Soipov yashil-kulrang shim va ko‘k ko‘ylakda o‘z oyog‘i bilan kelgan. 1-noyabrda bo‘lib o‘tgan, sudning birinchi majlisiga Soipov, yaralangani tufayli, nogironlar aravachasida kelgan edi.
Soipovning advokati Devid Patton Nyu Yorkda bosh jamoat himoyachisi hisoblanadi. Shuningdek, sudda Soipov uchun o‘zbek tilida tarjimon ham bor edi, deyilgan xabarda.
Nyu York federal prokurori Soipov uchun o‘lim jazosi so‘ramoqda. Ushbu jazo Nyu Yorkda kamdan-kam hollarda qo‘llaniladi. So‘nggi bor Manxettenda o‘lim jazosi narkotiklar tufayli ikki kishini o‘ldirgan Xalid Barns uchun 2009 yilda so‘ralgan edi. Oxir oqibat unga bir umrlik qamoq jazosi berildi. Undan oldin 2007-yilda Bruklinda politsiyachini o‘ldirgan Ronella Uilson uchun ham o‘lim jazosi so‘ralgan edi. 2013-yilda unga ham bir umrlik qamoq jazosi belgilandi.
AQShda terrorchilik bilan bog‘lik o‘lim jazosi 2015-yilda Bostonlik terrorchi Joxar Sarnayev uchun so‘ralgan edi. O‘shanda prokuror talabi qondirilib Sarnayevga o‘lim jazosi berilgan edi.