TOShKENT, 28 noya – Sputnik. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston fuqarolariga vulqon uyg‘onishi sababli Indoneziyaga vaqtincha safar qilmaslikni tavsiya qilmoqda.
O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi xabar qilishicha, Bali orolida Agung vulqoni otilishi munosabati bilan yuqori darajadagi xavf e’lon qilingan. Uch marta 4 ming metrgacha balandlikka kul otilishi qayd etilgan.
Ayni paytda 22ta qishloq joylashgan va 100 mingga yaqin aholi yashovchi 12 kilometrga yaqin maydon evakuatsiya hududi deb e’lon qilingan.
Vulqon otilishi sababli Denpasar shahridagi xalqaro aeroport faoliyati to‘xtatilgan va 445ta xalqaro parvoz bekor qilingan.
"O‘zbekiston fuqarolariga hamda Indoneziyaga sayohatni rejalashtirgan turistik kompaniyalarga mavjud noxush vaziyatni hisobga olishlarini tavsiya qilamiz", — deyiladi xabarda.