TOShKENT, 29 noya — Sputnik. O‘zbekistonda tug‘ruqxona muassasalarini jihozlashga 2018-yilda 50 million AQSh dollari ajratilishi ko‘zda tutilmoqda, bu haqda 28-noyabr kuni boshlangan O‘zbekiston akusher-ginekologlarining IX syezdida ma’lum qilindi.
Syezd davomida tuman va shahar tibbiyot birlashmalari boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofazalash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilayotgani, shuningdek, bolalarda nasliy kasalliklarga chaqaloqlarni ommaviy skrining tekshiruvlarini o‘tkazish, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari tarkibida bolalar anesteziologiyasi va reanimatsiyasi bo‘limlarini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida aytib o‘tildi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi qishloq oilaviy poliklinikalarida ginekolog va pediatr vrachlarning shtatlar jadvali ko‘paytirilishi ma’lum qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot-xizmati taqdim etgan xabarga ko‘ra, 2018-yildan dunyoda birinchilardan bo‘lib, barcha o‘smir qizlarni papilloma virusiga qarshi emlash bilan to‘liq qamrab olish, yo‘lga qo‘yiladi. Bu ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.