TOShKENT, 28 noya – Sputnik. O‘zbekistondagi asosiy turistik markazlaridagi mehmonxonalarda 2017-2020 yillarda Yagona axborot tizimi joriy etilib, videokuzatuv kameralari va ogohlantiruvchi aloqa tizimlari bilan ta’minlanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining "Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida aytiladi.
Qarorga muvofiq, Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalari tuzilmalarida xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalari tashkil etiladi. Boshqarmalarning shaxsiy tarkibi lavozimlari tanlov asosida yuqori malakali, birinchi navbatda, xorijiy tillarni biladigan mutaxassislar bilan ta’minlanadi. Boshqarmalar xodimlari uchun ularning lavozim maoshining 10 foizi miqdorida har oylik ustama belgilanadi.
Boshqarmalarning bevosita joylarda xavfsiz turizmni ta’minlash vazifalarini bajaradigan xodimlari "Elektron tarjimon" dasturiy ta’minoti va elektron axborot tizimlari ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkonini beradigan shaxsiy planshet kompyuterlari bilan ta’minlanadi.
O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, 2017-yilning yanvar-sentabr oylari davomida 96 752 nafar sayyohlarga O‘zbekistonga kirish vizalari berilgan hamda 2016-yilning shu davriga nisbatan berilgan sayyohlik vizalari 24%ga oshgan.