TOShKENT, 27 noya — Sputnik. O‘tgan haftada avval bitta, so‘ngra ketma-ket qator xorijiy nashrlarda samarqandlik yuqori sinf o‘quvchilari va talaba qizlar yoppasiga ginekologiya tekshiruvidan o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri ushbu xabarlarga izoh berishini so‘rab Samarqand viloyati hokimligi bilan bog‘langanida, hokimlik matbuot-xizmati rahbari Nuriddin Boliyev bu xabarlar yolg‘ondan boshqa narsa emasligini ta’kidladi.
Xalq ta’limi vazirligi Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmatlari ham bu xabarning haqiqatga yaqinligini inkor etdilar.
Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot-xizmati rahbari Eldor Muhammadiyev ilgariroq Sputnik muxbiri bilan telefon orqali bo‘lgan suhbatda "Bu viloyat sha’niga dog‘ tushirish maqsadida qilingan buyurtma bo‘lgan", — degan taxminni bildirgan edi.
Quyida Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot-xizmati rahbari Eldor Muhammadiyevning Sputnik nashriga bergan qisqa intervyusini e’tiboringizga havola qilamiz.
- Eldor aka, aytingchi, chet el nashrlarida tarqalib ketgan "samarqandlik maktab o‘quvchilari yoppasiga ginekolog tekshiruvidan o‘tkazilyapti", mazmundagi xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin?
— Ayrim xorijiy nashrlar orqali "Samarqand viloyat bo‘ylab 7-8 sinf qizlarning bokiraligi tekshirilmoqda" mazmunidagi soxta ma’lumotlar tarqatildi. Ammo, o‘rta maktablarning yuqori sinf o‘quvchi qizlarini ginekolog tekshiruvidan o‘tkazish qonunan mumkin emas. Asosiysi, bu kabi tekshiruvlar vilyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining vakolat doirasiga kirmaydi. Mantiqan o‘ylab qarasak bu inson huquq va manfaatlariga ham zid ekanligi aniq. Shu sabab bunday tekshiruvlagan hech kim ruxsat bermaydi va bu mumkin emas.
- Bu mish-mishlar kelib chiqishi sababini nima bilan bog‘laysiz? Har holda tarqalib ketgan xabarlar ota-onalarga og‘ir botishi shubhasiz.
— To‘g‘ri bunday tekshiruvlar haqidagi mish-mishlar albatta har qanday ota-onalarga ruhiy jarohat yetkazishi aniq.
Boshqarmamiz tomonidan ishlab chiqarilgan chora-tadbirlar asosida maktab, MTM, litsey va kollejlarda 7 turdagi tor soha mutaxassislari ya’ni xirurg, pediatr, LOR, okulist, endokrinolog, stomatolog, nevropatolog ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkaziladi. Tadbir davomida qon, peshob va najas tahlillari o‘tkazilib, tahlil natijasi asosida sog‘lomlashtirish ishlari olib boriladi. Alohida takidlamoqchimanki, o‘tkaziladigan tibbiy ko‘riklar davomida ginekologlar ishtorok etmaydi.
Eshitishimcha, har bir shov-shuv xabar uchun "gaptashuvchi" yaxshigina AQSh dollari bilan mukofotlanar ekan. Balki shu sabab ayrim jurnalistlar moddiy manfaat uchun fantaziyalar yaratib, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatayotgandir, yana bilmadim.
- Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bu singari xabarlarga qanday munosabat bildiradi?
— Inson g‘urur va sha’ni bilan o‘lchanadigan bunday ma’lumotlarni yoritayotgan shaxs avval uning haqqoniyligi haqida ozroq surishtirsa maqsadga muvoffiq bo‘lardi. Chunki, bu kabi yolg‘on xabar aholining shifokorga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradi. Bu esa tibbiy ko‘riklar o‘tkazilishi jarayonida katta qiyinchiliklar tug‘diradi.