TOShKENT, 24 noya – Sputnik. Janubiy Koreyaning POSCO-Daewoo korporatsiyasi va O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Toshkentda High Tech City ofislar majmuasi qurilishi bo‘yicha kelishuv imzoladi. Hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga tashrifi davomida imzolandi, deb xabar berdi RIA Novosti.
"O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va POSCO-Daewoo korporatsiyasi o‘rtasida High Tech City ma’muriy-turarjoy majmuasi yaratish bo‘yicha hamkorlikdagi loyihani amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi", — deyiladi prezidentning Janubiy Koreyaga davlat tashrifini yoritish bo‘yicha matbuot markazi xabarida.
Qiymati 1,4 milliard dollarlik va maydoni 60 gektardan oshiq bo‘lgan majmua hududida ofislar, ko‘ngilochar-savdo markazlari, turarjoylar va parklar bunyod etiladi.
"O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va POSCO-Daewoo vakillaridan tashkil topgan qo‘shma ishchi guruhi loyiha konsepsiyasi ustida ish boshladi va High Tech City uchun joy variantlarini ko‘rib chiqmoqda", — deb qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining Janubiy Koreyaga davlat tashrifi 22-noyabr kuni boshlandi. O‘tgan ikki kun davomida ikki mamlakatning turli kompaniya, idora va tashkilotlari o‘rtasida 80ga yaqin hujjatlar va qiymati 8,9 milliard dollarlik kelishuvlar imzolandi.