TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Farg‘ona viloyati hokimligi Brandson Branding Agency agentligining brendini o‘zlashtirib viloyat brendi sifatida taqdim etgan muallifni sudga beradi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar qildi.
Noyabr oyi boshida qo‘mita saytida Farg‘ona viloyatining yangi brendi haqida xabar berilgandi. Tez orada ommaviy axborot vositalarida ushbu logotip aslida Rossiya milliy turistik brendi tanlovi finaliga qo‘yilgan logotipning nusxasi ekanligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
"Avgust boshida Farg‘ona viloyati hokimligi Farg‘onaning eng yaxshi logotipini tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilgandi. Komissiyaga turli ijodiy guruh va dizayner mualliflardan ishlar tushgan bo‘lib, yuqorida aytilgan logotip g‘olib deb topilgandi. Ijodiy ishni topshirayotgan vaqtda muallif bu uning original ishi ekanligini ma’lum qilgandi", — deyiladi xabarda.
Hokimlik Farg‘ona brendini tasdiqlash haqidagi qarorini bekor qildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi dizaynerlar uchun qayta tanlov o‘tkazishni ko‘zda tutgan.
Bundan tashqari, qo‘mita o‘zlashtirilgan logotip hokimlik tomonidan qay tarzda tanlab olinganligi borasida tekshiruv boshladi.
Shuningdek, turizm qo‘mitasi endilikda viloyat hokimiyatlari mahalliy turistik brendlarni tasdiqlashdan oldin loyihani qo‘mita va Madaniyat vazirligi hamda Intellektual mulk agentligi bilan muhokama qilishini ko‘zda tutuvchi tartibni joriy etishni rejalashtirmoqda.