TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Koreya Respublikasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev faoliyatining birinchi yili haqida koreys tilida "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev" nomli kitob chop etildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Hukumat portali.
50 ming nusxada chop etilgan ushbu kitob 8 bo‘lim, 320 sahifadan iborat bo‘lib, ko‘plab suratlar bilan boyitilgan.
Kitobda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha sohalarda boshlangan juda muhim islohotlar tahliliga katta e’tibor qaratilgan. Iqtisodiyotning liberallashuvi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va himoyalash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, valyuta bozorini liberallashtirish, aholining ijtimoiy himoyasi, viloyatlarga nisbatan yangi siyosat, so‘z erkinligi va konstitutsiyaviy huquq tamoyillarini himoya qilish, bularning barchasi Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan yangi islohotlarning dastlabki natijalaridir.
Kitobning "2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi" nomli bobida ushbu dastur chuqur tahlil qilgan.
Kitobda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p yillik savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikka ham keng o‘rin ajratilgan.
Kitob "Uz Kor Economy Media Group" tomonidan chop etilgan. Uning muallifi mashhur jurnalist va yozuvchi Cho Chol Xon.