TOShKENT, 22 noya — Sputnik. Joriy yilning 10 oyligi davomida hududlardagi 3124,5 km elektr uzatish tarmoqlari va 1063 dona transformator punktlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Matbuot-anjumani davomida so‘zga chiqqan "O‘zbekenergo" AJning elektr tarmoqlaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Sunatilla Yusupov hududlarda yuqori kuchlanishli podstansiyalarda modernizatsiya va yangilarini ishga tushirish bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Xususan, Buxoro viloyati Peshku tumanida Afshona podstansiyasi yangi qurilib, ishga tushirilgani, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida Sho‘rchi podstansiyasidagi 16 MVA transformator o‘rniga 25 MVA transformator o‘rnatilgani, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi DNS-2 podstansiyasidagi 25 MVA transformator o‘rniga 40 MVAali transformator o‘rnatilgani haqida xabar qilindi.
Shuningdek, Andijon viloyati Izbosgan tumani Paxtakor podstansiyasidagi 16 MVA transformator 25 MVA transformatorga, Namangan viloyatidagi Obi-hayot podstansiyasida 125 MVA kuch transformatori 200 MVA quvvatli, Samarqand viloyatidagi Samarqand podstansiyasida 125 MVA kuch transformatori 200 MVA quvvatli transformatorga almashtirilgani haqida axborot berildi.
"Kuz-qish mavsumida yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida, respublika bo‘yicha 324ta avariyani bartaraf etish brigadalari tashkil etilib, ular aloqa vositalari va 315ta maxsus avtomashinalar bilan ta’minlandi, shu bilan birga korxonalarda kerakli materiallar, elektr uskunalar hamda transformator moyi zaxiralari yaratildi", — dedi Yusupov.