TOShKENT, 22 noya – Sputnik. Sal Sal restorani bosh oshpazi Bahriddin Chustiy "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi bortida beriladigan taomlar uchun o‘z menyusini tayyorladi. Bu haqda avikompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Taklif etilayotgan menyu O‘zbekistonning turli viloyatlari pazandalik san’ati namunalari: surxondaryo salati, qo‘qon shashligi va holvasi, qashqadaryocha ko‘zada pishirilgan go‘sht, buxoro shirinliklari, samarqandcha mevali bulochkalar, buxorocha lo‘la kabob va boshqa taomlarni o‘z ichiga oladi.
Chustiy biznes-klass, ekonom-klass, bolalar taomi va qisqa muddatli ikki soatgacha bo‘lgan reyslar uchun menyularini taklif etgan.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Tutu.ru sayohatlar servisi yo‘lovchilarning samolyotdagi taomlar haqidagi fikrlari bo‘yicha MDHdagi 10 yetakchi aviakompaniyani aniqlagan, unda birinchi o‘rinni "O‘zbekiston havo yo‘llari" qo‘lga kiritgandi.