TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Tutu.ru sayohatlar servisi yo‘lovchilarning samolyotdagi taomlar haqidagi fikrlari bo‘yicha MDHdagi 10 yetakchi aviakompaniyani aniqladi. Birinchi o‘rinni "O‘zbekiston havo yo‘llari" qo‘lga kiritdi.
Mutaxassislar 2017-yilning birinchi yarim yilligida parvoz qilgan 22 mingdan ortiq yo‘lovchining fikrlarini o‘rganib chiqishdi. Birinchi o‘rinda O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi qayd etildi. Yo‘lovchilarning deyarli barchasi kompaniyani eng yuqori — o‘n ball bilan baholashgan. Parvoz vaqtida beriladigan taom ko‘p, qorin bemalol to‘yadi, agar parvoz 6 soatdan uzoq davom etsa ikki marta taom beriladi. Servis xizmati xuddi Markaziy Osiyoning yaxshi kafelaridagiday.
Ikkinchi o‘rinda "Eyr Astana" (Qozog‘iston) qayd etildi. Aviakompaniya samolyotlarida go‘shtli taomlar, ziravorlar, milliy taomlar, vino, pivo beriladi. Qisqa parvozlarda yengil, lekin mazali taom taklif etiladi.
Uchinchi o‘rinni Rossiyaning "Alrosa" aviakompaniyasi qo‘lga kiritdi. Bu kompaniya jahonda olmos ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan "Alrosa" kompaniyasiga qarashli. Keyingi o‘rinlarda "Eyr Moldova", "Belavia", "Aeroflot", S7, Fly One (Moldova), "Avrora" va Red Wings joylashdi.