TOShKENT, 21 noya — Sputnik. Joriy yil 17-noyabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Qaror talablariga ko‘ra, ta’lim muassasalari talabalariga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha akademik ta’til berishga oid kasalliklar ro‘yxati tasdiqlandi.
Mazkur ro‘yxatda 22 turdagi kasalliklar qayd etilgan. Jumladan, ro‘yxatda sil kasalligining faol va asoratlangan shakllari; surunkali kechuvchi o‘pkaning nospetsifik kasalliklari bilan bog‘liq yurak-o‘pka faoliyatlari yetishmovchiligi (III daraja), II va III darajali surunkali qon aylanishi buzilishi; barcha turdagi xavfli o‘sma kasalliklari; og‘ir va qo‘shma travmatik shikastlanishlar; tez-tez takrorlanuvchi tutqanoqli xurujlar; giyohvandlik, ortirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS/OIV) kasalliklari o‘rin olgan.
Uzrli sabablar bilan o‘quv reja talablarini bajarmagan talabalarga yangi o‘quv yili boshidan akademik qarzdorliklarni topshirish uchun alohida reja taqdim etiladi. Biroq oliy ta’lim muassasasi ma’muriyati tomonidan ichki tartib qoidalarini yoki oliy ta’lim muassasining nizomini buzganlarni talabalar safidan chiqarish mumkin emas. Shuningdek, talabalar kasal bo‘lgan paytlar, ta’til, akademik ta’til, homiladorlik va bola tug‘ish ta’tili paytlarida talabalarni tinglovchilar safidan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.