TOShKENT, 20 noya — Sputnik. 19-noyabr kuni Moskva viloyatining Malaxovka tumanidagi "Soyuz" nomli madaniyat markazida O‘zbekiston madaniyati kuni bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman faollari, ko‘plab mehmonlar, turli OAV vakillari, shuningdek, madaniyat va san’at arboblari qatnashdilar.
Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston madaniyati kunini o‘tkazish fikri kutilmaganda tug‘ilgan. Tadbir "Sayyor choyxona" loyihasi asoschisi Alisher Xalilov tomonidan tashkil qilingan.
Alisher Xalilovga mehnat muhojirlaridan biri qo‘ng‘iroq qilib, ushbu tadbirni o‘tkazishni taklif qilgan ekan.
"U 50 ta porsiya palovga puli borligini aytdi. Lekin ushbu taklifdan to‘lqilanganlar qo‘ldan kelgancha yordam bera boshladilar. Kimdir oziq-ovqat, kimdir esdalik sovg‘alar, kimdir shu palovni tayyorlash uchun yetib keldi. Natijada mana shunday ajoyib tadbir tashkil etildi", — dedi Alisher Xalilov.
Tadbir boshida mehmonlar rassom Adxam Inamovning "Ertakli Sharq" ko‘rgazmasini tomosha qildilar, oshpazlar, shu jumladan Alisher Xalilov esa katta qozonda osh damlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. Uchta katta qozonda uch xil palovning — go‘shtli, mevali, qo‘ziqorinli turlari tayyorlandi.
Yulduzli mehmonlar va do‘stlar
Ushbu tadbirga Yulduzlar shaharchasidan Rossiya qahramoni kosmonavt Solijon Sharipov, kompozitor va qo‘shiqchi Vladimir Mixaylov, qo‘shiqchi va rejissor Ixtiandr Qodirov, kompozitor va musiqachi Leonid Yusupov, qo‘shiqchi Natalya Nurmuxamedova, rejissor Yusuf Roziqov hamda uning yosh hamkasbi Aleksadr Novikov-Yanginov tashrif buyurishdi.
Bu kabi tadbirlarni ko‘proq o‘tkazish kerakli haqida kosmonavt Solijon Sharipov ham aytib o‘tdi.
"Yaqinda Kreml saroyida — yuqori darajada tashkil etilgan O‘zbekiston madaniyat kunlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu ajoyib madaniy tadbir ko‘plab mehmonlarni to‘plandi. Demak, odamlarga bu juda qiziq. Rossiyada ko‘plab o‘zbekistonliklar bor. Ular uchrashishadi, vatanini eslashadi. Vatandoshlarimiz milliy ashulalarni tinglashni xohlaydi. Bu kabi tadbirlar ona vatanni eslatadi", — deb ta’kidladi Solijon Sharipov.
Ushbu tadbirda rejisser Aleksand Novikov-Yanginovga ham juda katta taassurot qoldirdi. "Men o‘zimni uyimdagidek his qildim, ko‘zimga yosh kelganday bo‘ldi, tashkilotchilarga juda katta rahmat", — dedi u.
Bayramona kayfiyat
Konsertda qo‘shiqchilar o‘z ashulalari bilan mehmonlarni xushnud etishdi. Mehmonlar xayolan O‘zbekistonning Shaxrisabz, Farg‘ona, Toshkent shaharlariga sayohat qilib keldilar. Qo‘shiqchi Ixtiandr Qodirov Yalla guruhining "Uchquduq" va "Choyxona" taronalarini kuylaganida, zalda gulduros qarsaklar va olqishlar jarangladi.
O‘ziga "Master" degan taxallusni olgan musiqachi Vladimir Mixaylov ham zamonaviy ashulalari bilan mehmonlarni xushnud qildi.
Konsert yakunida rejissor Aleksand Novikov-Yanginov yangi — "Yulduzlar " nomli film ustida ishlayotganini ma’lum qildi. Mehmonlarga ushbu filmdan qisqa tanishuv lavhalari namoyish qilindi. Film bosh qahramon rolini rossiyalik akter Viktor Suxorukov o‘ynagan. Ushbu kartina kelgusi yilda katta ekranlarga chiqarilishi kutilmoqda.
Konsertdan so‘ng mehmonlar haqiqiy o‘zbek palovi bilan siylandilar.
Mehmonlar ko‘pligiga qaramasdan palov hammaga yetdi. Har bir mehmon o‘zi istagan taomni ta’tib ko‘rdi. Palovdan tashqari mehmonlarga asal va turfa xil pishloqlar ham ulashildi.
Tadbir yakunida o‘zbek madaniyatini targ‘ibot qilishda alohida o‘rnak ko‘rsatgan faollarga fahriy yorliqlar topshirildi.