TOShKENT, 18 noya – Sputnik. Yevropa investitsiya bankining ekspert guruhi harakatlar dasturini ishlab chiqish uchun kelgusi haftada O‘zbekistonga keladi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi elchisi Eduards Stipraysga asoslanib Podrobno.uz xabar qilmoqda.
"Kelgusi haftada YeIB davlat va biznes tuzilmalari iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirishda foydalanishi mumkin bo‘lgan foydali kredit resurslari bilan O‘zbekiston bozoriga kirishi uchun tayyorgarlik ishlari boshlanadi. Bu juda muhim qadam", – dedi elchi.
O‘zbekistonga keladigan ekspert guruhi tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlar dasturini tuzishi kutilmoqda.
"Hukumat tomonidan taqdim etiladigan investitsion loyihalar bilan tanishib chiqilishi ham mumkin", – dedi Stiprays.
Shu yilning oktabrida Vashingtonda YeIB va O‘zbekiston o‘rtasida kelishuv imzolangandi. Endilikda bank davlat infratuzilmasi, energetika va energiya samaradorligi hamda kichik biznesni rivojlantirish borasidagi davlat va xususiy sektorning loyihalarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
"Yevroittifoqning Markaziy Osiyodagi strategik muhim hamkori bo‘lgan mamlakatda YeIB faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar uchun ijobiy holat bo‘ladi. YeI xususiy sektorni rivojlantirish va korporativ boshqaruvni takomillashtirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish va energiya samaradorligi yo‘nalishlarida qo‘shimcha moliyalashtirish maqsadlarida texnik yordam ko‘rsatishga va Yevropa hamda xalqaro moliya institutlarining sa’y-harakatlarini birlashtirishga tayyor", – degandi ilgariroq YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian.