TOShKENT, 17 noya — Sputnik. O‘zbekiston huqumati 2018-yil 1-yanvardan sovuq suv va suv chiqarish xizmatlari uchun yangilangan tariflarni joriy etishni rejalashtirmoqda, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 1-yanvardan boshlab suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun yangilangan tariflarni joriy qilish haqida Moliya vazirligiga topshiriq berdi.
Bundan tashqari, davlat rahbari Moliya vazirligiga vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlarining rentabelligini ta’minlovchi qulay tariflarni belgilash mexanizmlarini nazarda tutgan holda suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun tariflarni belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Ta’kidlab o‘tamiz, bugungi kunda Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchilar hisoblagich asosida bir kuba metr sovuq suv uchun 500 so‘m to‘lashmoqda.
Hisoblagichsiz bo‘lgan holatlarda esa to‘lov boshqa usulda hisoblanadi. Jumladan, xonadonda istiqomat qiluvchi har bir odamdan 5459 so‘m 85 tiyin (1 iyuldan 31-iyulgacha) va 5979 so‘m 31 tiyin (1 avgustdan) to‘lanadi. Shaxsiy uy egalari kanalizatsiya uchun 1 kuba metr suv uchun 345 so‘m, kanalizatsiya bo‘lmagan holatlarda esa 190 so‘m to‘lanadi.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, bugungi kunda vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlarining elektr energiyasi uchun qarzdorligi yuqori darajada qolmoqda. 2017-yil 9 oyining o‘zida qarzdorlik miqdori yana 43,2 milliard so‘mga ortib, jami 276,1 milliard so‘mni tashkil qildi.
Tizimda modernizatsiya uchun nihoyada mablag‘ yetishmayapti. Vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlari, suv ta’minoti obyektlarining eskirganligi, ko‘pchiligidan qirq yildan ortiq foydalanilishi, shuningdek, ularni yangilash va modernizatsiya qilish sur’atining pastligi, ayniqsa, joylarda ko‘plab isrofgarchilik va avariyalarga, suvni yetkazishda yo‘qotish hamda uzilishlarga olib kelmoqda. Suv ta’minot obyektlarining achinarli ahvoli tufayli 40 foizgacha suv yo‘qotilmoqda.