TOShKENT, 17 noya — Sputnik. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bugun O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Alisher Sultonovni qabul qildi. Bu haqda Sputnik Ozarbayjon saytida xabar qilinmoqda.
Uchrashuv davomida Sultonov Ozarbayjon rahbariga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Sultonovning aytishicha, O‘zbekiston prezidenti o‘zining Ozarbayjonga tashrifini sabrsizlik bilan kutmoqda va mazkur tashrifning samarali o‘tishi uchun faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shuningdek, Sultonov yaqinda ishga tushirilgan Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘li haqida gapirar ekan, mazkur loyiha mintaqa uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘z navbatida Ozarbayjon prezidenti iliq so‘zlar uchun minnatdorlik bildirdi va O‘zbekiston prezidenti bilan o‘tkazilgan uchrashuvlaridan qoniqish hosil qilganini ma’lum qildi. U ikki mamlakat va ularning xalqlari o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari umumiy tarix, madaniy va diniy omillarga asoslanganligini ta’kidladi.
Ilhom Aliyev savdo, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.