TOShKENT, 15 noya – Sputnik. Avstriyaning yetakchi banki kichik tadbirkorlik subyektlariga hamda yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratadi. Bu "Trastbank" XAB va Rayffayzen Bank Interneshnl (Avstriya) o‘rtasidagi O‘zaro hamkorlik memorandumida ko‘zda tutilgan, deb xabar berdi "Trastbank" matbuot xizmati.
Mazkur memorandum kichik tadbirkorlik subyektlariga xorijiy kredit liniyalarini jalb qilish hisobidan resurslar ajratish, o‘z bizneslarini tashkil etishlariga ko‘maklashish hamda yoshlar tadbirkorligi rivojlanishini yanada rag‘batlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratishni ko‘zda tutadi.
"Trastbank" boshqaruvi raisi Sardor Normuhamedovning aytishicha, jalb qilingan xorijiy investitsiya va kreditlardan samarali foydalanish, xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, ularning jadal rivojlanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va bank tomonidan yangi imkoniyatlarni kengaytirishga birinchi navbatda e’tibor qaratiladi.