TOShKENT, 14 noya – Sputnik. Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklari termasi bilan bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida mag‘lubiyatga uchradi.
Birinchi taymning 15-daqiqasida mezbonlar hujumi vaqtida Ali Mabhut Nesterov bilan birga bir vaziyatga chiqib borib osongina hisobni ochdi — 1:0. Bu vaziyatda himoyachilar sun’iy o‘yindan tashqari holatni yuzaga keltirishda xatoga yo‘l qo‘ydi.
45-daqiqada Shorahmedovning pasidan keyin Bikmayev juda yaqin masofadan noaniq zarba berdi. Agarda zarba aniq bo‘lganida hisob tenglashishi mumkin edi.
Ikkinchi taym boshida O‘zbekiston terma jamoasi safida to‘rt nafar futbolchi almashtirildi. Odil Hamrobekov, Akrom Komilov, Rustam Ashurmatov va Sardor Mirzayev o‘rniga Farrux Sayfiyev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Azizjon G‘aniyev va Dostonbek Hamdamov maydonga tushdi.
O‘zbekiston ikkinchi taymni ancha hujumkor tarzda boshladi, ketma-ket hujumlar sodir etildi. Lekin gol urishning uddasidan chiqilmadi.
85-daqiqada Azizjon G‘aniyev jarima zarbasini ajoyib tarzda ijro etdi, darvozabon to‘pni qiyinchilik bilan maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
87-daqiqada Islom To‘xtaxo‘jayev gol urdi, ammo undan sal avval Ivan Nagayev qoida buzgandi va hakam golni inobatga olmadi.
Ikkinchi taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda burchakdan uzatilgan to‘pga Kozak boshi bilan zarba berdi, lekin to‘p darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi.
Shiddatsiz va qo‘polliklarga boy o‘yin BAA futbolchilarining kichik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
BAA — O‘zbekiston 1:0.Al Ayn. "Xalifa Bin Zayd" stadioni. Gol: Ali Mabhut 15 — 1:0.