TOShKENT, 11 noya – Sputnik. Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa 3-5 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida OFK prezidenti bir qator rasmiy uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu uchrashuvlar davomida Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa respublikada futbolni rivojlantirish va yoshlar orasida yanada ommalashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishadi.
Shuningdek, Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa 4-dekabr kuni "Bunyodkor" – "Lokomotiv" o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Kubogi final uchrashuvini bevosita stadiondan kuzatib borib, g‘olib jamoaga O‘zbekiston Kubogini topshiradi.
9 noyabr kuni O‘zbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonovning Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa bilan rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga asoslangan dasturlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, OFK tomonidan milliy assotsiatsiyalarni rivojlantirish dasturi asosida turli loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Jumladan, OFK tomonidan Andijon, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida bolalar uchun mo‘ljallangan mini-futbol maydonchalari barpo etilishiga hamda Respublika Oliy sport mahorati futbol maktabiga qarashli sun’iy qoplamali maydon to‘laligicha rekonstruksiya qilishga jami 600 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.