TOShKENT, 10 noya — Sputnik. O‘zbekiston chegarachilari yirik miqdorda uyali aloqa telefonlarni respublikaga noqonuniy olib kirish holatiga chek qo‘yishdi. Jinoyatchilar uyali aloqa telefonlarini Tojikistondan noqonuniy ravishda olib kirishga harakat qilishgan. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar qildi.
"Toshkent viloyati Bekobod shahrining Sementchi mahallasi hududida Tojikiston hududidan olib kirilgan yirik miqdordagi uyali aloqa telefonlari aniqlandi. Ularning qiymati 878 million so‘m deb baholandi", — deya ta’kidladi Davlat chegaralarini himoya qilish qo‘mitasi vakili.
Chegarachilar tomonidan uyali aloqa telefonlarining noqonuniy ravishda olib kirish holati birinchi marta aniqlanmayapti. Kontrabanda holatlarining oldini olish maqsadida yaqin vaqtlarda uyali aloqa qurilmalarni IMEI-kodi (International Mobile Equipment Identity) majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
IMEI-kodlari ro‘yxatga olinmagan uyali aloqa telefonlari egalariga aloqa xizmati ko‘rsatilmaydi. Kodlarni ro‘yxatga olish va import qilinadigan uyali aloqa telefonlari uchun to‘lov undirish rejalashtirilmoqda. To‘lov miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga qaraganda, yangi tizimning joriy etilishi natijasida uyali aloqa qurilmalarni noqonuniy olib kirilishi va qalbaki uskunalardan foydalanish holatlari oldi olinadi. Budjetga bojxona to‘lovlari tushumi ko‘payadi. Shuningdek, telefon o‘g‘rilik holatlarni tezkorlik bilan aniqlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, mahsulot sifati va mahalliylashtirish dasturi qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini beradi.