TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Normativ huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida Vazirlar Mahkamasining "Telekommunikatsiya sohasida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Qaror loyihasi Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tayyorlangan.
Unda aloqa sohasidagi meyoriy huquqiy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari buzilganligi va ko‘rsatilgan xizmatlar sifatsizligi uchun moliyaviy sanksiyalar (jarima) miqdori yangilandi. Shuningdek, jarimalarni hisoblash tartibi qayta ishlab chiqildi.
Qaror loyihasi talablariga ko‘ra, moliyaviy jarima choralari aloqa xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga nisbatan Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan hisoblanadi.
Masalan, 3G bo‘yicha aloqa o‘rtacha tezlik ko‘rsatkichlariga amal qilmaslik (chorakda, normativ ko‘rsatishdan yuqori bo‘lgan har bir holat uchun) — EKIHning 0,1 baravar miqdorda jarimaga belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Aloqa xizmat ko‘rsatuvchi korxona ish faoliyati yuzasidan shikoyat (korxonaning aybi bo‘yicha), ushbu shikoyat davlat organlari orqali kelib tushgan bo‘lsa (har bir holat uchun) — EKIHning 2 baravar miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
Hujjat loyihasi 2017-yil 23-noyabriga qadar muhokama qilinadi.
Qarorni 2017-yil 1-dekabrdan kuchga kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Barcha foydalanuvchilar qaror loyihasi bilan tanishib, u haqda o‘z takliflarini bildirishlari mumkin.