TOShKENT, 14 okt — Sputnik. Uzmobile milliy mobil aloqa operatori "Yoshlar" tarif rejasini taqdim etdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Mazkur tarif mamlakatdagi millionlab yoshlarga imtiyozli so‘zlashuv imkonini beradi.
"Yoshlar" tarif rejasi abonenti har oy o‘z hisobini 5 ming so‘mga to‘ldirib borib, tarif rejasi ichida bepul muloqot qilish imkoniga ega bo‘ladi, tarmoq ichida va O‘zbekiston bo‘ylab chiquvchi aloqaning 1 daqiqasi – 25 so‘m, 1 MB Internet – 25 so‘m, 1 xalqaro SMS– 500 so‘m. Barcha kiruvchi qo‘ng‘iroqlar bepul.
"Mazkur tarif rejasining joriy etilishi mamlakatimiz bo‘yicha millionlab yoshlarga bir tarmoqda birlashish, haqiqatan ham yoshlar uchun sifatli va hamonbop narxdagi aloqa imkonini beradi. Biroq eng asosiysi – tarif reja ichida muloqot mutlaqo bepul. Unga ulanishning yagona sharti O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqiga a’zolik bo‘lib hisoblanadi.
Endi Yoshlar Ittifoqi a’zosi bo‘lib, mamlakatimizning faol yosh yigit va qizlari suhbat narxidan xavotirlanmay, o‘zaro cheksiz muloqot qila oladilar", dedi "O‘zbektelekom" kompaniyasi matbuot xizmati rahbari Aleksandr Suchkov.
Ijtimoiy yo‘naltirilgan bunday loyiha O‘zbekistonda birinchi loyiha bo‘lib, uning asosiy maqsadi mamlakatdagi barcha yoshlarni Vatanga muhabbat va vatanparvarlik ruhida birlashtirishdan iborat.