TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni Samarqandga keldi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.
Prezident mazkur majmuada olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Ayni paytda Islom Karimov dafn etilgan yodgorlik majmuasi hududida so‘nggi pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezident 2017-yil 27-avgust kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida maqbara qurilishini yakuniga yetkazish, ziyoratchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, hududni obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Ziyoratga keluvchilarga yilning to‘rt faslida ham qulay bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Atrofdagi yo‘laklar ta’mirlanib, avtomobillar to‘xtash joyi barpo etildi. Qabriston devori rekonstruksiya qilinib, hududi yanada obodonlashtirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev ziyoratgohga keluvchilar uchun katta qulayliklar yaratilganini ta’kidlab, bu yerdagi sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha mutasaddilarga tavsiyalar berdi.
Eslatib o‘tamiz, prezident shu yil 25-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2017-yil 31-avgust kuni Toshkentda, 2-sentabr kuni Samarqand shahrida Islom Karimovning haykallari ochildi.