TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Davlat organlari va tashkilotlari 2022-yil 1-yanvardan markazlashtirilgan issiq suv ta’minotidan uzib qo‘yiladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi prezidentning 8-noyabrdagi "Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Shuni inobatga olgan holda, davlat organlari va tashkilotlari bino va inshootlarida quyosh suv isitgich qurilmalari va mahalliylashtiriladigan mahsulotlar asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan energiya tejamkor lampalarni o‘rnatish bosqichlarini belgilash to‘g‘risida topshiriq berilmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish va energiya tejamkor lampalarni turar va noturar joylarda bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha kompleks dastur qabul qilinadi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan issiq suv ta’minoti uchun quyosh suv isitgich qurilmalarining joriy etilishi va foydalanilishi natijasida isitilmaydigan davrda (aprel-oktabr) isitish stansiyalari tomonidan tabiiy gaz iste’moli hajmi deyarli 10 million kub metr yoki 2,5 milliard so‘mga qisqaradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, "Energiya tejash milliy kompaniyasi" AJ hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-martga qadar muddatda amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalarini ularning qayta ko‘rib chiqilishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlagan holda tanqidiy o‘rganib chiqish topshirilgan.