TOShKENT, 9 noya — Sputnik. "Sen Yolg"iz Emassan" fondi "Umid rishtalari" fransuz uyushmasining bolalar kardiojarrohlari bilan birgalikda O‘zbekistondagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va kam ta’minlangan oila farzandlariga jarrohlik yordamini ko‘rsatish xayriya aksiyasini davom ettirmoqda.
Akademik Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazida fransuz kardiojarrohlari tomonidan O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi kam ta’minlangan oila farzandlaridan 9 nafar bolaga bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilmaydigan murakkab jarrohlik operatsiyalari bajarilib, 45 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tdi.
Operatsiyalar bir yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarda o‘tkazildi. Qashqadaryolik 3 yoshli M.Jomuradova mazkur xayriya aksiyasi doirasida ikkinchi marotaba operatsiya qilindi, jarrohlik amaliyotining ilk bosqichi qizaloqqa 2016-yilning sentabrida o‘tkazilgan edi.
"Barcha bolajonlar tezda sog‘ayib ketishlarini tilayman", deb yozadi Lola Karimova-Tillayeva o‘zining Facebookdagi sahifasida.
U shuningdek, mazkur aksiyada ishtirok etgan shifokorlar — professor Olivye Baron boshchiligidagi fransuz kardiojarrohlar guruhiga, akademik V. V. Voxidov nomidagi Jarrohlik markazining shifokorlariga yuksak kasbiy mahoratlari va har bir bolajonga alohida ko‘rsatilgan g‘amxo‘rliklari uchun minnatdorligini izhor etgan.