Lola Karimova-Tillayeva: Fransiyada 37 nafar bola operatsiya qilindi

Obuna bo‘lish
Mazkur aksiya "Sen Yolg'iz Emassan" Fondining "Umid rishtalari" fransuz uyushmasi bilan birgalikdagi tug‘ma yurak nuqsoni bilan xastalangan bolalarga tibbiy yordam berish maqsadida yettinchi marotaba amalga oshirilayotgan aksiyasidir

TOShKENT, 26 apr — Sputnik. "Sen Yolg'iz Emassan" Fondining "Umid rishtalari" fransuz uyushmasi bilan hamkorligi doirasida ota-ona qaramog‘isiz qolgan va kam ta’minlangan oilalardan 37 nafar bolaga jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Bu haqda Fond asoschisi Lola Karimova-Tillayeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

"Nant, Fransiya. Bu go‘zal shaharni "Sen Yolg'iz Emassan" fondimiz bilan ezgulik rishtalari bog‘laydi. Hozirda Nant shahridagi klinikalardan birida bizning jajji vatandoshlarimiz operatsiyadan so‘nggi muolaja jarayonini o‘tmoqdalar. Qoraqalpog‘istonlik 8 oylik Berdaxov Umidjonga va xorazmlik 9 yoshli Abdullayev Alibekka o‘tgan oyning so‘ngida bu yerda murakkab yurak operatsiyalari bajarilgan edi", deb yozadi u.

Ma’lum qilinishicha, mazkur aksiya "Sen Yolg'iz Emassan" Fondining "Umid rishtalari" fransuz uyushmasi bilan birgalikdagi tug‘ma yurak nuqsoni bilan xastalangan bolalarga tibbiy yordam berish maqsadida yettinchi marotaba amalga oshirilayotgan aksiyasidir.

Lola Karimova-Tillayeva Nant Pediatriya klinikasiga, shaxsan professor Olivye Baron hamda uning hamkasblari anesteziolog Arian de Vindt, reanimatolog Jan Mishel Liyet, kardiolog Nadir Benbrik, perfuziolog Lui Merin va reanimatsion hamshira Lorens Domitellarga o‘z minnatdorligini bildirgan.

Yangiliklar lentasi
0