TOShKENT, 9 noya – Sputnik. O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan qizamiq va qizilcha kasalliklarini bartaraf etgan mamlakat sifatida tan olindi, deb xabar berdi YuNISEFning Toshkentdagi vakolatxonasi.
Mamlakat 2014-yilning yanvar oyidan 2016-yilning dekabrigacha bo‘lgan davr ichida ushbu kasalliklarni bartaraf etishga erishdi.
"JSSTning qizamiq va qizilcha bartaraf etilganini tasdiqlovchi Yevropa mintaqaviy komissiyasining ta’kidlashicha, bu holat butun Yevropa mintaqasida qizamiq va qizilcha kasalligini bartaraf etish maqsadiga erishishga sezilarli darajada hissa qo‘shadi", deyiladi xabarda.
2007 yilda O‘zbekiston Milliy emlash taqvimiga qizamiq, tepki va qizilchaga (QTQ) qarshi vaksina kiritildi. 12 oyligida va 6 yoshiga bolani QTQga qarshi emlash ushbu kasalliklarga nisbatan umrbod immunitetni shakllantiradi.
Mamlakat bo‘yicha QTQga qarshi emlash ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib, 2016-yilda qamrov birinchi emlashda 99,5% ni va qayta emlashda 99,7% ni tashkil etdi.
"14 yoshgacha bo‘lgan bolalar O‘zbekiston aholisining 27 foizini tashkil qiladi. Emlash biz tomondan kelajak avlodlar uchun sog‘liqni saqlash sohasida qila oladigan eng muvaffaqiyatli va moliyaviy tomondan samarali sarmoyalardan biridir,"- deb ta’kidladi YuNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann.
YuNICEF O‘zbekiston hukumatiga yangi vaksinalarni kiritish va sotib olish, ularning sifatli saqlanishi uchun sovuq zanjir tizimini yanada yaxshilash, vaksinalarni xarid qilishda mustaqil moliyalashtirishga erishish va emlashga bo‘lgan talabni doimiy ravishda oshirishda ko‘mak berib kelmoqda.
So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston vaksinalarni sotib olishni barqaror va mustaqil ravishda moliyalashtirishga o‘tdi. 2010-yilda respublikaga olib kelingan vaksinalarning 90 foizi davlat budjeti hisobidan sotib olindi. 2020-yilga kelib, mamlakat barcha vaksinalarni faqat o‘z hisobidan sotib olishni rejalashtirmoqda.