TOShKENT, 9 noya – Sputnik. "O‘zdavenergonazorat" DI, "O‘zdavneftgazinspeksiya" DI, "O‘ztransgaz" AJ va "O‘zbekenergo" AJning faoliyati qoniqarsiz deb baholandi. Bu haqda davlat rahbarining 8-noyabrda imzolagan qarorida aytildi, deb yozadi uz24.uz.
Hujjatda qayd etilishicha, iste’molchilar toifasini inobatga olgan holda yetkazib berilayotgan energiya resurslari qiymatini aniqlashda tabaqalashtirilgan yondashishning mavjud emasligi ulardan nooqilona foydalanishga olib kelmoqda, energiya tejamkor texnologiyalar va muqobil energiya manbalarini joriy etishni rag‘batlantirmayapti.
Shaharsozlik sohasidagi amaldagi norma va qoidalar obyektlarning energiya samaradorligini ta’minlovchi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Shuningdek, binolar va inshootlarning qurilishi va rekonstruksiya qilinishida energiya tejamkor materiallar va texnologiyalarni qo‘llashga yetarli e’tiborning mavjud emasligi ham energiya resurslarining ortiqcha sarf qilinishiga olib kelmoqda.