TOShKENT, 8 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan "O‘zfarmsanoat" konserni tugatilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Shu bilan birga, Agentlik dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini, shu jumladan chet eldan import qilinayotganlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va sertifikatlashni, farmatsevtika korxonalarini tegishli ishlab chiqarish amaliyoti xalqaro qoidalarga muvofiqligini sertifikatlashtirishni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining "O‘zmedeksport" davlat korxonasi "O‘zmedimpeks" davlat unitar korxonasi etib qayta nomlanib, Agentlikning tasarrufiga o‘tkazildi. Bunda "O‘zmedimpeks" O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining yagona yetkazib beruvchisi etib belgilandi, shuningdek, ularni saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish bo‘yicha agenti hisoblanadi.