TOSHKENT, 2 noya — Sputnik. Amerika Qoʻshma Shtatlarda istiqomat qilib kelayotgan bloger Nodir Zokirov Facebookdagi sahifasida Oʻzbekiston bilan yaxshi tanish boʻlgan amerikalik diplomatlarning fikrlari bilan boʻlishgan.
Nyu Yorkda boʻlib oʻtgan mudhish terrorchilik hujumidan keyin Oʻzbekistonda ishlagan amerikalik diplomat, oʻzbekistonliklar haqida oʻz fikrini bildirgan.
"Bugun Oʻzbekiston nomi yangiliklarda, afsuski, ijobiy maʼnoda emas. OAVlar, kechagi avtomashina yordamida uyushtirilgan va sakkiz odamning umriga zomin boʻlgan xujum haqida yozarkan, qotilning Oʻzbekistondan koʻchib kelganiga urgʻu berishyapti.
2001 yil 11 sentyabr fojeasi yuz berganda men Toshkentda edim. Oʻshanda oʻzbekistonliklar yurtimizda boʻlgan fojeadan keyin bizga koʻrsatgan hamdardlik va mehr-oqibatni hech esdan chiqarmayman. Hujum boʻlib oʻtganidan bir necha soat ichida Amerika elchixonasi gullar va hamdardlik maktublariga toʻlib ketgan. Oʻzbekistonliklar men va rafiqam bilan koʻrishganda boʻlgan mudhish voqea yuzasidan afsusda ekanliklarini bildirishardi. Qurbon boʻlganlar ichida oʻzbeklar ham bor edi.
AQSH grin karta lotereyasi koʻplab oʻzbekistonliklar bu yerga koʻchib kelishiga imkon yaratadi. Ular juda mehnatkash, vatanparvar odamlar va ular bizning koʻpmillatli jamiyatimizni yanada boyitib yurishadi. Bir ahmoq inson qilmishlarini u kelib chiqqan millat bilan bogʻlash notoʻgʻri. Shuningdek, bu fojeadan foydalanib, grin karta lotereyasiga tahdid solish ham uyatdir", — deb yozgan AQSH diplomati Mark Asquino.
Yana bir Oʻzbekistonda xizmat qilgan amerikalik diplomat ham oʻz firklarini quyidagicha bildirgan.
"Oʻzbekiston mehr-oqibatli va iliq insonlar yashaydigan goʻzal mamlakat. Buni bilishimga sabab men u yerda yashaganman. Mamlakat obroʻsi uning eng zoʻr insonlari bilan belgilanadi, eng yomonlari bilan emas", — deb yozgan Facebook dagi sahifasida Casey Talk.
Eslatib oʻtamiz, seshanba kuni Nyu-York markazida, kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan Sayfulla Soipov yuk avtomobilida terakt uyushtirigan edi. Uning oqibatda 8 kishi qurbon boʻlgan va 10 dan ortiq kishi jarohatlangan edi.