TOSHKENT, 2 noya – Sputnik. Ichki ishlar organlari xodimlari bir necha nafar ayollarni fohishalik bilan shugʻullanish uchun Turkiyaga yubormoqchi boʻlganli ayolni qoʻlga olish borasida tezkor tadbir oʻtkazdilar. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qildi.
Tezkor tadbir davomida D. Xamrabayeva Toshkent viloyati, Toshkent tumanida joylashgan "Qoplonbek" YPH maskanida U.Moʻminova, N.Mansurova, L.Tursunova va R.Ibrohimovalarni fohisha sifatida ishlatish maqsadida Qozogʻiston orqali Turkiyaning Istanbul shahriga yubormoqchi boʻlgan vaqtida qoʻlga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi "b,ye" bandlari (odam savdosi, yaʼni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, ikki yoki undan ortiq shaxslarni ulardan foydalanish maqsadida yollash) alomatlari bilan jinoyat ish qoʻzgʻatilgan.
Jinoyatning ogʻirlilik darajasini inobatga olgan holda D.Xamrabayevaga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.