TOSHKENT, 2 noya – Sputnik. Federal qidiruv byurosi Nyu-Yorkdagi terrorchilik xurujidan soʻng qidirilayotgan yana Oʻzbekiston fuqarosi Qodirovni topganligini, u haqida maʼlumot yigʻishda davom etishini maʼlum qildi, deb xabar berdi RIA Novosti.
"Muhammadzoir Qodirovni topdik, u haqidagi har qanday maʼlumotni yigʻishda davom etamiz", — deyiladi FQB Nyu-York boʻlimining Twitterdagi xabarida.
Chorshanba kuni FQB direktori yordamchisi Bil Svini qidiruvda boʻlgan Qodirovni qidirish ishlari toʻxtatilganini maʼlum qilgandi. Keyinroq u savollarga javob berarkan, Qodirovning topilganini bildirdi.
OAV maʼlumotlariga qaraganda, Qodirov terrorchilikda ayblanayotgan Sayfullo Soipovning kam sonli doʻstlaridan biri.
Seshanba kuni Nyu-York markazida, Manxettenda, kichik yuk avtomobili (pikap) velosipedchilar yoʻlagidan bir necha kilometr bosib oʻtgan va maktab avtobusiga borib urilgan. Oqibatda 8 kishi qurbon boʻlgan va 10dan ortiq kishi jarohatlangan. Nyu-York meri Bill De Blazio ushbu voqeani terakt deb atadi.
AQSH OAVlari xabariga koʻra, mazkur teraktni sodir etishda gumonlanib qoʻlga olingan shaxs 29 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi Sayfullo Soipov boʻlib chiqqan. U AQShga 2010 yilda grin karta orqali kelgan.