TOShKENT, 1 noya – Sputnik. Novosibirsk viloyatidagi bozorlarda bo‘lgan O‘zbekiston delegatsiyasining kuzatishlari va o‘rganishlari davomida hududdagi bozorlarda savdo qilayotgan savdogarlarning 60 foizdan ortig‘ini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.
Asosan Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlari yoshlaridan iborat savdogarlar bilan Yoshlar Ittifoqi yetakchisi muloqot qildi. Ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Eslatib o‘tamiz, 30-oktabr kuni Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengash raisi boshchiligidagi 21 kishilik O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari boshlandi.
Delegatsiya Novosibirsk viloyatida bo‘lib, hududda yashayotgan o‘zbekistonlik yoshlarning ish joylari, yashash sharoitlari bilan tanishdi. Novosibirsk viloyati gubernatori, hukumat vakillari, yoshlar tashkiloti rahbarlari, iqtisodiyot sohasi bo‘yicha mas’ul xodimlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Bugungi kunda viloyatda istiqomat qilayotgan yoshlarning muammolari o‘rtaga tashlandi. Ularga munosib mehnat sharoitini yaratib berish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv belgilandi.
Safar 9-noyabrga qadar davom etadi.