TOShKENT, 30 okt — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar berishni boshladi. Bu borada Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu bank matbuot xizmati xabariga asosan.
Xabarda aytilishicha, ushbu memorandum doirasida yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, o‘z bizneslarini tashkil etishlariga ko‘maklashish, hamda yoshlar tadbirkorligi rivojlanishini yanada rag‘batlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida yoshlarga bank talablari asosida imtiyozli kreditlar ajratish ko‘zda tutilgan.
Yosh tadbirkorlar TIF Milliy bankdan imtiyozli kreditlar eng kam oylik ish haqining 500 baravargacha (74,8 mln so‘m), shu kungi MBning qayta moliyalash stavkasi (14%) asosida olish mumkin.
27 oktabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markazida dastlabki 11 ta yosh tadbirkorlarga imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.