TOShKENT, 29 okt – Sputnik. Toshkent shahrida yer usti halqa temir yo‘li qurilishi boshlandi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Ayni paytda estakadalar uchun monolit usulda beton ustunlar quyish ishlari boshlandi. Qurilish “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev ushbu qurilishni ko‘zdan kechirib, uning muhim iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
“Har tomonlama qulay, arzon va xavfsiz bo‘lgan mazkur transport tarmog‘i barpo etilishi poytaxtimiz uchun ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.
Shuningdek, prezident yangi zamonaviy transport liniyasini 2020-yilgacha to‘liq foydalanishga topshirish bo‘yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent halqa temir yo‘lning umumiy uzunligi 52,1 kilometr bo‘lib, uning 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tkaziladi, 1,6 kilometri yer ustida quriladi.
2017-2021 yillarga mo‘ljallangan loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining "Do‘stlik" bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan qismi quriladi. Uzunligi 11 kilometr bo‘lgan ushbu qismda sakkizta bekat bunyod etilishi mo‘ljallanmoqda.
Ikkinchi bosqich Qo‘yliq bozori bilan "Olmazor" bekatini bog‘laydi. Uchinchi bosqichda "Olmazor"dan "Beruniy" bekatigacha bo‘lgan qism barpo etiladi. Keyingi bosqichda "Beruniy"dan "Bodomzor" bekatigacha quriladi, so‘nggi bosqichda "Do‘stlik" bekatiga ulanadi.