TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasidagi voqealar munosabati bilan Turkmaniston va Eron orqali Hind okeaniga chiqish imkonini beruvchi Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini darhol boshlash kerak. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Bishkekda qator davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilish marosimida ana shunday bayonot berdi, deb yozadi Sputnik Qirg‘iziston.
"Hukumat zudlik bilan temir yo‘l tadqiqotlari va loyihalashtirish bilan shug‘ullanuvchi qirg‘iz-xitoy qo‘shma korxonasi uchun imtiyozli kredit masalasini ko‘rib chiqishi darkor. O‘z vaqtida kredit olmaslik kerak, bizga muqobil yo‘l qurishning keragi yo‘q, degan ayrim deputatlarning chinqiriqlaridan keyin hukumat kredit olgani cho‘chigandi. Ular shunchaki o‘zini ko‘rsatish bilan shug‘ullanishganini hayot ko‘rsatmoqda. Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun birinchi navbatda yo‘llar kerak", — dedi u.
Prezident "Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasidagi so‘nggi voqealar zudlik bilan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini loyihalash va qurish zarurligini yaqqol ko‘rsatganini" ta’kidladi.
Atambayev ilgariroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Xitoy va Qirg‘iziston hamda "qardosh O‘zbekiston tavsiya etayotgan korxona yoki davlat organi" ishtirokida qo‘shma korxona tuzishga kelishib olganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar sentabrda Atambayev Qozog‘istonni mamlakatdagi prezidentlik saylovi jarayonlariga aralashishda ayblaganidan so‘ng yomonlashdi. Qozog‘iston 10-oktabr kuni Qirg‘iziston bilan chegarada nazoratni kuchaytirganidan keyin chegarada yuk mashinalaridan iborat bir necha kilometrlik tirbandliklar yuzaga keldi.