TOShKENT, 28 okt – Sputnik. 27-oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatini yangi sifat darajasiga ko‘tarish, xususiylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarini samarali qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda prezident viloyatlarga tashrif chog‘ida xususiylashtirilgan korxonalar egalari ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanmayotgani, korxonalarni uzoq muddatli rivojlantirish bilan shug‘ullanmayotgani, ixtisoslashgan ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilmayotgani, mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega zamonaviy texnologiyalar joriy etmayotganini tanqid qildi.
Bu borada ilgari xususiylashtirilgan qariyb 40 ming obyekt o‘rganilib, ularning 3 ming 900 tasi bo‘sh turgani yoki to‘liq ishlatilmayotgani aniqlangan. Ushbu obyektlarning 2700 tasi faoliyatini qayta tiklash yoki ular negizida yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etish bo‘yicha loyihalar va "yo‘l xaritasi" ishlab chiqilgan.
Ushbu loyihalar doirasida 2,7 trillion so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, 25 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Bugungi kungacha 420 korxona faoliyati qayta tiklandi, yil yakunigacha yana 1800 obyektda ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda davlat qo‘mitasi tomonidan bajarilgan ishlar tahlil qilinar ekan, korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va modernizatsiyalash, yangi ish o‘rinlari yaratish, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va tijorat banklaridan kredit ajratilishida ularga ko‘maklashish maqsadida xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirishning "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar qoniqarsiz, deb baholandi.
Mutasaddilarga mulk egalari bilan birgalikda ishlamay turgan 1 ming 200 obyekt faoliyatini tiklash va rivojlantirish yuzasidan loyihalar va "yo‘l xaritasi" ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Joriy yilda 408 davlat obyekti xususiy mulkdorlarga sotilgan. Ularning 278 tasi 1,6 trillion so‘mlik investitsiya kiritish va 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish sharti bilan "nol" qiymatida berilgan.
Bugungi kunda yana 388 davlat obyekti sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, ularning 161 tasini "nol" qiymat bo‘yicha berish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda xususiylashtirilgan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini monitoring qilish, ularni kredit va moddiy resurslar bilan ta’minlash, mavjud muammolar va ularning sabablarini aniqlash, muhandislik ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklash, bozor topishda tadbirkorlarga amaliy ko‘mak berish masalalariga davlat idoralari tomonidan yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani ta’kidlandi.
Raqobat muhiti va qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilish, birja faoliyatini litsenziyalash, zamonaviy kadrlarni tizimli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, sohaga eng rivojlangan davlatlar tajribasini tatbiq etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, istiqbolga belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.