TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Turkiyaning zirhli texnika ishlab chiqaruvchi Nurol Makina ve Sanayi kompaniyasi va O‘zbekistonning UzAuto kompaniyasi o‘zaro anglashuv memorandumi imzoladi, deb xabar berdi Anadolu agentligi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda hamkorlikda 1000 dona Ejder Yalçın zirhli mashinalari ishlab chiqariladi.
Memorandum O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 25-26 oktabr kunlari Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida imzolandi.
Ishlab chiqarilgan zirhli mashinalar uchinchi mamlakatlarga sotiladi, 24 donasi O‘zbekistonda qoladi.
Turkiyada Ejder Yalçın 4x4 taktik zirhli mashinalarini ishlab chiqarish 2014-yilda boshlangan. Ushbu mashinalardan mamlakat xavfsizlik kuchlari foydalanadi.