TOShKENT, 26 okt — Sputnik. O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari Dmitriy Rogozin ishchi tashrif bilan keladi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Agentlikka o‘z manbalaridan ma’lum bo‘lishicha, Dmitriy Olegovich O‘zbekiston poytaxtiga ertaga 27-oktabr kuni tashrif buyuradi. Ishchi tusiga ega bo‘lgan bu tashrif bir necha soat davom etadi.
Afsuski, Rogozinning tashrifi doirasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv va muzokaralar kun tartibi haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Ammo muhokama mavzularidan biri O‘zbekistonga 2-3 noyabr kunlari keladigan va MDH mamlakatlari hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etadigan Rossiya hukumati raisi Dmitriy Medvedevning bo‘lajak tashrifiga doir masala bo‘ladi.
Analitiklar shuningdek, Rogozinning Toshkentga tashrifi doirasida ikki mamlakatning harbiy-texnik hamkorligi haqidagi masala ham muhokama mavzularidan biri bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Dmitriy Rogozin Harbiy-sanoat komissiyasi hay’ati raisi ekanligi hisobga olinadigan bo‘lsa, tomonlar ushbu yo‘nalishga urg‘u berishlari ehtimoli mavjud.
Qayd etish joiz, so‘nggi vaqtda O‘zbekistonga Rossiya rasmiy vakillarining tashriflari soni oshdi. Masalan, sentabr oxirida respublikaga Tatariston rahbari Rustam Minnixanov va Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachev tashrif buyurdi. So‘ngra oktabr boshida sanoat va savdo vaziri Denis Manturov O‘zbekistonda bo‘ldi, shu oyning o‘rtalarida esa Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga tashrif buyurdi.
Shu yilning noyabr oyida Rossiya ishbilarmonlari biznes-missiyasi doirasida respublikaga Sankt-Peterburg gubernatori Georgiy Poltavchenko kelishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, yil oxiriga qadar hududlar darajasida yana qator ikki tomonlama tashriflar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.